Pokistonning Hindiston aviakompaniyalariga nisbatan havo taqiqi uzaytirildi
Hindiston aviakompaniyalari uchun havo hududi 24-iyungacha yopiq holda qoldiriladi.

Pokiston hukumati Hindiston aviakompaniyalariga mamlakat havo maydonidan foydalanishni taqiqlovchi qarorni yana bir oyga-24-iyungacha uzaytirdi. Bu haqda Dawn nashri Pokiston aeroportlar boshqarmasining rasmiy bayonotiga tayanib xabar berdi.
“Pokiston havo hududidan Hindiston samolyotlarining foydalanishiga qo‘yilgan cheklov 24-iyungacha amal qiladi”,— deyiladi bayonotda. Unga ko‘ra, Hindiston aviakompaniyalari tomonidan xizmat ko'rsatiladigan reyslar Pokiston havo hududida amalga oshirilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 24-aprel kuni Pokiston Hindistonning barcha aviakompaniyalari uchun o‘z havo hududini bir oyga yopgan edi. Ushbu qarorning uzaytirilishiga nimalar sabab bo‘lgani hozircha rasman ochiqlanmagan, ammo ikki davlat o‘rtasidagi murakkab geosiyosiy munosabatlar bu qarorga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.







