Vetnamda yuk kemasi halokatga uchradi
Fojia oqibatida 10 kishi bedarak yo‘qolgan.

Vetnamning Vun-Tau portining qirg'oq zonasida ko‘mir tashuvchi “Kong Txan” nomli kema cho‘kib ketdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kema bortida bo‘lgan 11 nafar ekipaj a’zosidan faqat bittasi qutqarilgan, qolgan 10 kishi hozircha bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
“Kong Txan” kemasi Quangnin provinsiyasidan Kuangbin provinsiyasiga 4,9 ming tonna ko‘mir olib ketayotgan edi. Portga yaqinlashayotgan paytda kemaning dvigateli ishdan chiqqan. Shundan so‘ng favqulodda signal yuborilgan va ekipaj mustaqil tarzda kemani tark etishga uringan. Faqatgina bir dengizchi tirik holda qutqaruvchilar tomonidan topilgan.
Qutqaruv ishlariga baliqchilarga tegishli kemalar ham jalb etilgan. Biroq halokat sodir bo‘lgan hududda noqulay ob-havo — kuchli shamol, yomg‘ir, baland to‘lqinlar va chaqmoq — qidiruv ishlarini sezilarli darajada qiyinlashtirmoqda.







