Yevropa Ittifoqi USAID o‘rnini egallashga tayyorlanmoqda
Yevropa Ittifoq demokratiyani targ‘ib qilishga urg‘u beradi.

Yevropa Ittifoqi uchinchi dunyo mamlakatlarida AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi — USAIDdan bo‘shagan o‘rinni hech bo‘lmaganda qisman to‘ldirishni maqsad qilmoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqining diplomatiya rahbari Kaya Kallas Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqining Rivojlanish kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Kallasning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi vakillari USAIDning rivojlanish bo‘yicha tashabbuslardan chekinishini muhokama qilgan va bu bo‘shliqni Yevropa demokratik qadriyatlari bilan to‘ldirish imkoniyatini ko‘rib chiqqan.
“Biz USAID o‘rnini to‘liq egallay olmaymiz, lekin Yevropa ustuvor yo‘nalishlariga — demokratiya, ommaviy axborot vositalari erkinligi, inson huquqlari va adolatli boshqaruvga — e’tibor qaratamiz”, — dedi Kallas.
Eslatib o‘tamiz, 3-fevral kuni AQSh hukumati USAIDning xalqaro moliyalashtirish dasturlarini keskin qisqartirdi. 10-mart kuni esa vaqtincha agentlik rahbari etib tayinlangan davlat kotibi Marko Rubio USAID dasturlarining 83 foizi to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi.
Buning o‘rniga AQSh hukumati 2,9 milliard dollarlik yangi maxsus jamg‘arma tuzishni rejalashtirmoqda. Jamg‘arma xalqaro inqirozlarga tezkor javob qaytarish, muhim strategik sheriklar — xususan, Hindiston va Iordaniya bilan aloqalarni mustahkamlash, hamda Xitoy kabi raqobatchilarga qarshi choralar ko‘rishni nazarda tutadi.







