Garvard universiteti morg xodimi 5 yil davomida inson qoldiqlarini sotgan
U bu ishini rafiqasi bilan birga qilgan.

AQSHning Garvard universiteti sobiq xodimi rafiqasi bilan birga inson qoldiqlarini o‘g‘irlab, sotganini tan oldi.
Ma’lum qilinishicha, 57 yoshli Sedrik Loj Garvard tibbiyot maktabidagi morg menejeri bo‘lib ishlagan. Tekshiruv davomida u 5 yil davomida inson qoldiqlarini o‘g‘irlagani aniqlangan. Qoldiqlar o‘z jasadlarini ilm-fanga foydalanish uchun vasiyat qilgan odamlarga tegishli bo‘lgan. Universitet xodimi bosh, miya, teri va suyaklarni sotgan.
Sedrikka bu ishda xotini Deniz yordam bergan. Bir mijoz unga uch yil davomida 37 ming dollar to‘lagan. Bundan tashqari morg xodimidan ikkita yuz va teri ham sotib olingan.







