TikTok AQShda xodimlarni qisqartirishni boshladi
Avvalroq TikTok Shop AQShdagi xodimlarini ommaviy bo‘shatgan edi.

TikTok o‘zining elektron tijorat bo‘limida qator tashkiliy o‘zgarishlar doirasida AQShdagi xodimlarni ishdan bo‘shatishni boshladi. Bu jarayon kompaniyaning yirik brendlar bilan ishlovchi global mijozlar bo‘linmasi xodimlariga bevosita ta’sir qilmoqda.
TikTok elektron tijorat rahbari Mu Qing tomonidan yuborilgan hujjatda, o‘zgarishlar “jamoaning uzoq muddatli o‘sishini ta’minlash uchun operatsion modelni qayta ko‘rib chiqish” asosida amalga oshirilayotgani aytilgan.
Xodimlar chorshanba kuni ertalabdan ishdan bo‘shatilgani haqida xabar olgan. Ayrimlariga ikki oylik ma’muriy ta’til va kompaniyada ishlagan yillariga qarab kompensatsiya paketlari taklif etilgan. Hozircha ishdan bo‘shatilganlar soni rasman e’lon qilinmagan.
Bu qisqartirishlar TikTok’ning AQShdagi elektron tijorat segmentida iqtisodiy noaniqlik va bozor sekinlashuvi fonida amalga oshirilmoqda. Xususan, Tramp ma’muriyatining yangi boj siyosatlari bu holatga ta’sir qilgan.
Avvalroq, aprel oyida TikTok Shop rahbariyati ham qisqartirishga uchragan edi.







