Britaniyada kam uchraydigan saraton tufayli ayolning ayrim organlari olib tashlandi
Zaharlanish ortidan 13 ta organidan ayrilgan ayol hayot uchun kurashmoqda.

Britaniyalik ayolning ovqatdan zaharlanganidan keyin 13 ta organi olib tashlandi.
Rebekka Hind korporativ kechki ovqatdan so‘ng o‘zini yomon his qila boshlagan. Hamkasblari tezda sog‘ayib ketgan bo‘lsa-da, Rebekkaning holati yomonlashishda davom etgan. Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar uning tanasida kamyob va xavfli kasallik – psevdomiksoma peritonei aniqlashgan.
Bu kam uchraydigan saraton turi qorin bo‘shlig‘ida shilliq va o‘simta hujayralarining to‘planishiga olib keladi. Kasallik organlarga tarqalib, Rebekka hayoti uchun ikki murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazishiga sabab bo‘ldi. Natijada, 13 ta organ va tana qismlari – jumladan tuxumdonlar, bachadon, yo‘g‘on ichak va boshqa muhim a’zolar olib tashlangan.
Rebekka kuniga 60 tagacha dori qabul qiladi va hayotni qo‘llab-quvvatlovchi HIPEC protsedurasini (qorin bo‘shlig‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri issiq kimyoterapiya yuborish) boshdan kechirgan. Sakkizta kimyoterapiyadan so‘ng ham u davolab bo‘lmaydigan tashxis bilan yashamoqda.
Shunga qaramay, 40 yoshli Rebekka kurashni davom ettirmoqda: u hayot sifatini oshirishga harakat qilmoqda, ekstremal mashg‘ulotlarda qatnashmoqda va Pseudomyxoma Survivor jamg‘armasi orqali xabardorlikni oshirish uchun 90 km velosiped poygasida ishtirok etdi.
“Men imkon qadar oddiy hayot kechirishga harakat qilaman. Men parashyutdan sakradim, issiq havo sharida uchdim, it chanalarini sinab ko‘rdim. Hayot hali tugamagan”, – deydi u.







