Germaniya dunyodagi eng yirik kreditor davlatga aylandi
Yaponiya 34 yildan so‘ng kreditorlik yetakchiligini Germaniyaga boy berdi.

34 yildan so‘ng Yaponiya ilk bor o‘zining moliyaviy yetakchilik maqomini yo‘qotdi. Xabarlarga ko‘ra, Germaniya sof xorijiy aktivlar bo‘yicha Yaponiyani ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik kreditor davlatga aylandi.
Yaponiya Moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat kompaniyalari, uy xo‘jaliklari va hukumatining umumiy sof xorijiy aktivlari 2024-yilda 13 foizga o‘sib, yil yakunida 533,05 trillion iyenga (3,7 trillion dollar) yetgan. Bu rekord ko‘rsatkich bo‘lishiga qaramay, Germaniyaning xorijiy aktivlari 3,96 trillion dollarni tashkil etib, Yaponiya natijasini ortda qoldirdi.
Bu o‘zgarishlar fonida Xitoy 3,58 trillion dollarlik xorijiy aktivlari bilan uchinchi o‘rinda qolmoqda.
Ekspertlar Germaniyaning oldinga chiqishini joriy hisobdagi katta profitsit bilan izohlamoqda — 2024-yilda bu ko‘rsatkich 248,7 milliard yevroga teng bo‘ldi. Yaponiyada esa ayni ko‘rsatkich 29,4 trillion iyen (taxminan 180 milliard yevro) darajasida qayd etilgan. Bundan tashqari, yevro-iena valyuta kursining yil davomida 5 foizga mustahkamlanishi ham Germaniyaning foydasiga ishlagan.
Yaponiya Moliya vaziri Katsunobu Katoning ta’kidlashicha, bu o‘zgarish mamlakat uchun jiddiy xavotir uyg‘otmaydi.
“Yaponiyaning sof xorijiy aktivlari izchil va barqaror o‘sishda davom etmoqda. Reytingdagi bunday siljish Yaponiya iqtisodiy pozitsiyasining keskin o‘zgarganidan dalolat bermaydi”, — dedi u jurnalistlar bilan suhbatda.
Bu yangilik global moliyaviy taqsimotda muhim burilish nuqtasi sifatida baholanmoqda. Germaniya o‘z iqtisodiy barqarorligi, eksport salohiyati va fiskal ehtiyotkorligi bilan dunyoning yetakchi kreditori sifatida yangi bosqichga ko‘tarildi.







