Nyu-Yorkda kommunal to‘lovlar bitkoin orqali to'lanishi mumkin
Maktablarda kriptovalyutalarga oid savodxonlik oshiriladi.

Nyu-York shahri fuqarolari yaqin orada kommunal to‘lovlarni bitkoin orqali amalga oshirishi va hatto maoshlarini ham shu kriptovalyutada olish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda shahar meri Erik Adams Las-Vegasda bo‘lib o‘tayotgan Bitcoin 2025 konferensiyasida ma’lum qildi.
Merning aytishicha, shahar ma’muriyati bitkoin va boshqa kriptovalyutalardan foydalanishning shahar darajasidagi amaliy jihatlarini baholamoqda. Keyingi bosqichda shtat va federal hukumat bilan hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
Erik Adams, shuningdek, kriptovalyutalarga oid savodxonlikni oshirish muhimligini ta’kidlab, maktablarda bolalarni bu borada o‘qitishni boshlash niyatida ekanini bildirdi.
“Kriptovalyutalar kelajagimizning ajralmas qismiga aylanmoqda. Biz maktablarda bu bilimlarni joriy etmoqchimiz. Bu — juda muhim yo‘nalish”, — dedi u.
Adams ilgari ham texnologiya va moliyaviy innovatsiyalarni targ‘ib qilib kelgan. U shaharni kripto markazlardan biriga aylantirish tarafdori sifatida tanilgan.







