Oq uy Amerika texnologiyalarining Xitoyga eksportini chekladi
Cadence, Synopsys va Siemens EDA Xitoy bilan ishlashni to‘xtatmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp boshchiligidagi ma’muriyat Xitoyga qarshi navbatdagi texnologik cheklovlarni joriy etdi. Xabarlarga ko‘ra, AQSh Savdo vazirligi ayrim Amerika kompaniyalariga Xitoyga mahsulot va xizmatlar eksportini taqiqlagan. Bu haqda CNN telekanali vazirlikdagi ismi oshkor etilmagan manbaga tayanib xabar berdi.
Rasmiylarning bildirishicha, Savdo vazirligi "Xitoy uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan eksport faoliyatini" qayta ko‘rib chiqmoqda. Shu munosabat bilan ayrim kompaniyalarga eksport litsenziyalari vaqtincha to‘xtatilgan, yoki yangi litsenziyalash tartiblari joriy etilgan.
Financial Times gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Xitoyga yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan dasturiy ta’minot eksportini ham cheklamoqchi. Bu borada Cadence, Synopsys va Siemens EDA kabi yetakchi kompaniyalarga Xitoydagi mijozlarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish topshirilgan.
Xabar qilinishicha, AQSh Savdo vazirligining Sanoat va xavfsizlik byurosi bu haqdagi ko‘rsatmalarni rasmiy xat shaklida kompaniyalarga yuborgan. Biroq barcha kompaniyalar bu bildirishnomani olganmi — hozircha aniqlashtirilmagan.
Mazkur chora AQShning Xitoy texnologik taraqqiyotiga nisbatan keskin nazoratni kuchaytirishga qaratilgan yondashuvining bir qismidir.







