Pokistonda harorat rekord darajaga chiqdi
Bolalar ommaviy ravishda kasalxonaga yotqizilmoqda.

Pokistonda yozgi jazirama hayot uchun xavfli darajaga chiqdi. Xabarlarga ko‘ra, Haydarobod shahrida kunduzgi harorat Selsiy bo‘yicha 52 darajaga yetgan— bu esa mamlakatda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.
Jazirma issiqlik avvalo kichik yoshdagi bolalar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ko‘plab chaqaloqlar quyosh urishi, suvsizlanish va boshqa asoratlar bilan shifoxonalarga yotqizilgan. Shifokorlarning aytishicha, issiq havo va yetarli sovutish tizimlarining yo‘qligi bolalar salomatligini xavf ostida qoldirmoqda.
Vaziyatni yanada og‘irlashtirayotgan holatlardan biri — elektr energiyasining keng ko‘lamda uzilishi. Aholi yashaydigan hududlarda ventilyator va sovutkichlar ishlamayapti, odamlar o‘zlarini suv havzalarida suzish orqali sovitishga harakat qilmoqda.
Pokiston hukumati aholiga zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik, ayniqsa kunduzi quyosh ostida yurmaslikni qat’iyan tavsiya qilmoqda. Favqulodda xizmatlar esa yong‘in, issiq urishi va boshqa favqulodda holatlarda zudlik bilan javob berishga safarbar qilingan.
Iqlim o‘zgarishlari tufayli bunday ekstremal haroratlar tobora ko‘proq kuzatilmoqda.







