Suriya 20 million dollar jarimaga tortildi
Bunga AQSH fuqarosini qiynoqqa solgani sabab bo'lgan.

Suriya hukumati AQSH fuqarosi Sam Gudvinni qiynoqqa solgani va noqonuniy ushlab turgani uchun 20 million dollardan ortiq tovon puli to‘lashga majbur bo‘ldi.
Vashingtondagi Okrug sudi sudyasi Kollegin Kollar-Kotelli jabrlanuvchiga 20,201,620 dollar miqdorida kompensatsiya to‘lash haqida qaror chiqardi. Summaning yarmi zararlarni qoplashga, qolgan qismi esa tovon sifatida ajratiladi. Mablag‘ning bir qismi AQSHning “Davlat homiyligidagi terrorizm qurbonlari jamg‘armasi” orqali to‘lanadi.
Gudvin 63 kun davomida Suriyadagi Branch 215 deb ataladigan maxsus qamoqda ushlab turilgan va ayovsiz qiynoqlarga duchor bo‘lgan. Uni ozod qilishda AQSH hukumat organlari, Livan rasmiysi general Abbos Ibrohim hamda xalqaro tashkilotlar ishtirok etgan. Gudvin bu sud qarorini inson huquqlari uchun kurash deb atadi.







