Shveytsariyada muzlik qoldiqlarini tozalash uzaymoqda
Tozalash ishlari 6 yilgacha davom etishi mumkin.

Shveytsariyaning Vale kantonida joylashgan Blatten qishlog‘i yaqinida Alp tog‘laridagi muzlikning yorilishi va sel oqibatida hosil bo‘lgan vayronalarni tozalash ishlariga 6 yilgacha vaqt ketishi mumkin. Bu haqda “20 Minuten” nashri xabar bermoqda.
28-may kuni yuz bergan hodisa natijasida muzlikning katta qismi parchalanib, taxminan 3 million kub metr hajmdagi tosh va tuproq massasi hudud bo‘ylab tarqalgan. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, agar tozalash ishlari uchun 25 tonnalik yuk mashinalari jalb qilinsa, barcha chiqindilarni olib chiqish uchun 200 000 martadan ortiq safar amalga oshirilishi kerak bo‘ladi.
Agar bir vaqtning o‘zida 100 ta yuk mashinasi ishlatilsa ham, tozalash ishlari 5 yil 9 oy davom etishi taxmin qilinmoqda. Hozircha rasmiylar ishlarning aniq muddatini aytmayapti.
Eslatib o‘tamiz, 28-may kuni sodir bo‘lgan tabiiy ofat natijasida Blatten qishlog‘ining katta qismi vayron bo‘lgan, kamida bitta fuqaro bedarak yo‘qolgan. Baxtli tasodif tufayli, geologiya xizmatining 19-may kuni bergan ogohlantiruvi asosida aholi oldindan evakuatsiya qilingan edi.







