Isroil G‘azoning gumanitar yordam tarqatish punktiga hujum qildi
Hujum oqibatida kamida 19 falastinlik halok bo‘ldi.
Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektoridagi gumanitar yordam tarqatish punktiga uyushtirgan hujumi oqibatida kamida 19 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera mahalliy tibbiyot manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Xabarlarga ko‘ra, Rafah shahrining g‘arbiy qismida yordam kutayotgan fuqarolar o‘qqa tutilgan. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, may oyi oxiridan beri Isroilning shunga o‘xshash hujumlari natijasida umumiy hisobda 75 kishi vafot etgan, 400 dan ortiq inson esa jarohat olgan.
Hujum xalqaro hamjamiyat orasida jiddiy tanqidga sabab bo‘lmoqda. Mahalliy va xalqaro tashkilotlar insonparvarlik huquqlari buzilayotganini ta’kidlamoqda.







