Buyuk Britaniya yadroviy siyosatini mustahkamlashni maqsad qilmoqda
Britaniya yadroviy qurol tashuvchi samolyotlar ustida ishlamoqda.

Buyuk Britaniya NATO doirasida yadroviy muvozanatni saqlash siyosatida yanada faolroq rol o‘ynash niyatida. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar bermoqda.
Manbalarga ko‘ra, London AQShga bo‘lgan ishonch tobora susayib borayotgan bir paytda, Yevropadagi yadroviy muvozanatni saqlashda o‘z rolini kuchaytirishga harakat qilmoqda.
Bloombergning ismini oshkor qilmagan manbasi ta’kidlashicha, Britaniya hukumati yadroviy qurol tashishga qodir jangovar samolyotlarni ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Ekspertlar bu harakatlarni AQShning yadroviy himoya bo‘yicha ittifoqchilarga bergan kafolatlari zaiflashayotganidan xavotir sifatida baholamoqda. Londonning ushbu sohadagi sarmoyalari Yevropaning yadroviy xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismi sifatida qaralmoqda.







