Eminem Meta kompaniyasi ustidan da’vo qo‘zg‘atdi
U mualliflik huquqlari uchun 109 million dollar talab qilmoqda.

Mashhur amerikalik reper Eminemning musiqiy nashriyoti — Eight Mile Style texnologiya giganti Meta Platforms ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi. Kompaniya Facebook, Instagram va WhatsApp platformalarida mualliflik huquqi doimiy ravishda buzilayotganini da’vo qilib, 109 million dollardan ortiq tovon puli talab qilmoqda.
Da’vo arizasiga ko‘ra, Meta o‘z platformalarida Eminemning 243 ta trekini litsenziyasiz saqlagan, nusxalagan va tijorat maqsadlarida foydalangan. Ayniqsa, Original Audio va Reels funksiyalari foydalanuvchilarga reperning musiqasidan hech qanday ruxsat yoki kreditlarsiz foydalanishga imkon berayotgani, hattoki bunday amaliyotlarni rag‘batlantirayotgani ta’kidlanmoqda.
Eminem (haqiqiy ismi — Marshall Bryus Mathers III) musiqiy faoliyati davomida 220 milliondan ortiq albom sotgan, 15 marotaba Grammy sovrinini qo‘lga kiritgan va The Marshall Mathers LP albomi AQSh tarixidagi eng tez sotilgan rap albomlaridan biridir.
Eight Mile Style kompaniyasi 243 trekning har biri uchun 150 000 AQSh dollari, jami 109 350 000 dollar miqdorida maksimal qonuniy tovon puli talab qilmoqda. Ularning aytishicha, bu miqdor noqonuniy foydalanganlik, yo‘qotilgan daromad va huquqbuzarlikdan ko‘rilgan zarar bilan bog‘liq.
Bu Eminemning mualliflik huquqlari uchun kurashdagi ilk holati emas. 2019-yilda ham Eight Mile Style Spotify’ni sudga bergan va kompaniyani Musiqa litsenziyasini modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblagan edi.







