Yaponiyada zamonaviy himoya linzalari ishlab chiqildi
Ushbu turdagi linzalar ko‘zlarni elektromagnit nurlardan himoya qiladi.

Yaponiyalik olimlar ko‘z salomatligini yangi bosqichga olib chiqadigan innovatsion texnologiyani taqdim etdi. Ular kontakt linzalar uchun yorug‘likni o‘tkazadigan, biroq elektromagnit to‘lqinlarni to‘sadigan maxsus shaffof qoplama ishlab chiqishdi. Bu texnologiya ko‘zlarni zamonaviy “aqlli” linzalar va elektronika vositalaridan tarqaladigan zararli nurlanishlardan himoya qilishga qaratilgan.
Xabarlarga ko‘ra, bu yangilik haqida Tokiodagi Vaseda universiteti matbuot xizmati e’lon qilgan. Tashabbus mualliflaridan biri, professor Mipanyase, bunday himoya zarurligini izohlar ekan, quyidagilarni ta’kidladi: “Smart linzalar tobora ommalashmoqda. Ammo ular ishlab chiqaradigan elektromagnit to‘lqinlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘z to‘r pardasiga ta’sir qiladi. Biz aynan shundan himoya qiluvchi ikki o‘lchamli materiallar asosida qoplama ishlab chiqdik”.
Fiziklar kontakt linzalarga MXene deb ataluvchi noyob plyonka qoplamasini tatbiq etish yondashuvini taklif qildi. Ushbu materiallar o‘ta yupqa qatlamlardan iborat bo‘lib, metallarga xos xususiyatlarga ega. Ular ko‘rinadigan yorug‘likning 90 foizini o‘tkazadi, ammo elektromagnit nurlanishni deyarli to‘liq bloklaydi.
Titan karbid asosida ishlab chiqilgan bu plyonkalar “aqlli” linzalar orqali yuzaga keladigan zarur bo‘lmagan nurlanishlarni to‘sib, ko‘zning ichki qismlarini muhofaza qiladi. Amaliy tajribalarda bu linzalar hayvonlar ustida sinovdan o‘tkazildi. Natijada MXene qoplamasi elektromagnit nurlanishning 93 foizini yutib, uni kamroq zararli infraqizil nurlanishga aylantirgani qayd etildi.
Yana bir muhim jihat: bu texnologiya faqat linzalarda emas, balki bioimplantlar, elektron tibbiy asboblar va organizm bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘ladigan boshqa qurilmalarda ham qo‘llanilishi mumkin.








