Umrni uzaytirish mumkinmi?
Olimlar umrni 30 foiz uzaytiruvchi dori ishlab chiqdi.

Max Plank nomidagi Qarish biologiyasi instituti va London Universitet kolleji olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot inson umrini sezilarli darajada uzaytirishga umid uyg‘otmoqda. Ular saraton kasalligini davolashda qo‘llaniladigan ikki dori — rapamitsin va trametinibni birgalikda qo‘llash natijasida sichqonlarning umrini 30 foizga uzaytirishga erishdi.
Alohida qo‘llanganda, rapamitsin sichqonlarda umrni 15–20 foizga, trametinib esa 5–10 foizga uzaytiradi. Ammo birgalikdagi terapiya oddiy yig‘indidan yuqori sinergik ta’sir ko‘rsatib, umrni yanada uzaytirgan.
Bundan tashqari, qarib borayotgan sichqonlarda yallig‘lanish jarayonlari kamaygan, rak kasalliklari kechroq rivojlangan va qo‘shimcha salbiy ta’sirlar kuzatilmagan. Tadqiqotga ko‘ra, bu ikki dori qarish bilan bog‘liq bo‘lgan turli signallar tarmog‘iga turli nuqtalardan ta’sir qiladi. Gen ifodalanishini tahlil qilish natijasida ma’lum bo‘ldiki, bu dorilar birgalikda qo‘llanganda genlar faoliyatini yangi va o‘ziga xos tarzda o‘zgartiradi.
Ikkala preparat ham hozirda saraton kasalligini davolash uchun tasdiqlangan. Ayniqsa, trametinib alohida e’tiborga loyiq: avval u umrni faqat mevalik pashshalar (drozofilalar)da uzaytirishi bilan tanilgan edi. Bu esa ilk bor uning sut emizuvchilarda ham samarali ekanini ko‘rsatmoqda.
Tadqiqotchilar keyingi bosqichda eng samarali dozani, dorini qabul qilish usulini aniqlash va insonlar ishtirokida klinik sinovlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Loyiha hammuallifi, professor Linda Partridj shunday deydi: “Biz insonlarda sichqonlardagidek kuchli natija kutmaymiz. Ammo bizning maqsadimiz – odamlar keksaygach ham sog‘lom va faol bo‘lib qolishlari. Kelajakdagi tadqiqotlar bu dorilar kimlarga va qanday hollarda foydali bo‘lishini aniqlaydi.”
Laylo Hikmatullayeva tayyorladi







