NASAning sobiq muhandisi noodatiy loyiha yaratdi
Mark Rober kosmosdan selfi olish xizmatini ishga tushirdi

NASAning sobiq muhandisi Mark Rober hamma uchun bepul ishlaydigan noyob xizmat — kosmosdan selfi olish platformasini ishga tushirdi. Bu haqda loyiha saytida ma’lumot berilgan.
Kosmik suratlar Sat Gus nomli sun’iy yo‘ldosh yordamida olinadi. Mazkur sun’iy yo‘ldosh 2025-yil 14-yanvarda Kaliforniyadagi Vandenberg kosmodromidan SpaceX’ning Falcon 9 raketasi yordamida Yerning past orbitasiga chiqarilgan. U taxminan 600 km balandlikda harakat qiladi.
Sat Gus nomi ikki so‘zdan tashkil topgan: Sat — “sun’iy yo‘ldosh” (satellite) qisqartmasi, Gus esa Rober asos solgan CrunchLabs laboratoriyasi maskoti bo‘lgan sincap nomidir.
Qanday ishlaydi?
Foydalanuvchi o‘z suratini yuklaydi — bu rasm yo‘ldoshga o‘rnatilgan ekranda paydo bo‘ladi. So‘ng kamera ushbu ekran bilan birga Yerni fon sifatida tasvirga oladi. Shu tariqa “haqiqiy kosmik selfi” yaratiladi. Roberning ta’kidlashicha, bu usul suratning real ekanligini isbotlovchi eng halol yo‘ldir — fon sifatida nafaqat ekran, balki Yer ham aniq ko‘rinadi.
Suratlar Redwire Space kompaniyasi ishlab chiqqan Argus kamerasi orqali olinadi. U 4000×3000 piksel o‘lchamda suratga oluvchi, radiatsiyaga chidamli, 3 mm fiksatsiyalangan ob’ektiv bilan jihozlangan. HDR sifati uchun ikki kadr alohida olinib, keyinchalik birlashtiriladi.
Loyiha mutlaqo bepul va 13 yoshdan katta har bir inson o‘z suratini yuklashi mumkin. Moderatsiya qat’iy: tanishlarning yoki mashhurlar suratlari, siyosiy, haqoratli, yalang‘och, sun’iy intellekt yaratuvchilari chizgan rasmlar taqiqlangan. Biroq shaxsiy selfilar, guruh suratlari va hatto uy hayvonlari tasvirlari qabul qilinadi.
Kosmosdan olingan suratlarning ilk to‘plami 2025-yil yozida tayyor bo‘ladi. Har bir rasm yopiq noyob havola orqali taqdim etiladi va izlash tizimlarida chiqmaydi. Sat Gus holatini esa Satellite Tracker 3D kabi platformalarda kuzatish mumkin.







