Rossiya Ukrainaga yuzlab dron va raketalar hujumi uyushtirdi
Rossiya bir kechada Ukrainaga 479 ta dron va bir nechta raketa yo‘lladi.

Ukraina Qurolli Kuchlarining rasmiy bayonotiga ko‘ra, bugun tongda Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 479 ta hujumkor va imitatsion dron, shuningdek, turli xil raketalarni uchirgan.
Xususan, hujum davomida 479 ta dron, 4 ta X-47M2 "Kinzhal" aerobalistik raketasi, 10 ta X-101 qanotli raketasi, 3 ta X-22 qanotli raketasi, 2 ta X-31P qarshi-radiolokatsion raketa, 1 ta X-35 qanotli raketa qo‘llanilgan.
Ukraina havo mudofaasi bu hujumga qarshi chora ko‘rib, 277 ta dronni urib tushirgan. Yana 183 ta dron joylashuvi aniqlanmagan yoki radioelektron kurash vositalari yordamida faoliyatsizlantirilgan.
Shuningdek, Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi 10 ta X-101, 4 ta "Kinzhal", 2 ta X-31P, 1 ta X-35 raketasini yo‘q qilgan.
Bundan tashqari, 2 ta X-22 raketasi belgilangan nishonga yetib bormagan.
Mazkur keng ko‘lamli hujum Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlarning kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Ukraina rasmiylari xalqaro hamjamiyatni bu tahdidga nisbatan qat'iy choralar ko‘rishga chaqirmoqda.








