Hindistonda qishloq xo‘jaligi 10 yilda 40 foizga o‘sdi
Bu haqda mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri bayonot berdi.

Hindiston so‘nggi 10 yil ichida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni 40 foizga oshirishga erishdi. Bu haqda mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Shivraj Singh Chouhan ommaviy axborot vositalariga bayonot berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston bugungi kunda o‘zining don mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplabgina qolmay, ularni boshqa mamlakatlarga ham eksport qilmoqda. “Omborlarimiz don bilan to‘la, hatto Pokiston bilan mojarolar kelib chiqsa ham, bizda xavotirga o‘rin yo‘q,” — dedi u.
Shivraj Singh Chouhan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining ehtiyojini qondirish va eksport salohiyatini oshirish ustida ishlayotganini ta’kidladi. U bu boradagi natijalarni hukumatning samarali siyosati bilan bog‘ladi.
Vazir, shuningdek, fermerlarning daromadini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish orqali Hindiston qishloq xo‘jaligi yanada yuksalishiga ishonch bildirdi.







