Kaliforniya gubernatori Trampni sudga berdi
U federal qonunlarni buzganlikda ayblanmoqda.

Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom AQSh prezidenti Donald Tramp, Pentagon va mudofaa vaziri Pit Xegsettni sudga berdi. San-Fransisko federal okrug sudiga taqdim etilgan 22 sahifalik da’vo arizasida Tramp AQSh Konstitutsiyasi va federal qonunlarni buzganlikda ayblanmoqda.
Da’voda, Tramp favqulodda vakolatlardan foydalangan holda bir necha bor qonuniy chegaralarni buzgani, jumladan, Kaliforniya gubernatorining ruxsatisiz Milliy gvardiyani Los-Anjelesga yuborgani ta’kidlangan. Shtat rahbariyati suddan bu harakatni bekor qilishni va Milliy gvardiya ustidan nazoratni shtatga qaytarishni talab qilmoqda.
Kaliforniya bosh prokurori Rob Bontaning so‘zlariga ko‘ra, bu holat 1970-yildan beri – Richard Nikson davridagi voqealardan buyon birinchi marta ro‘y bermoqda. Shu bilan birga, bu 1965-yildan beri shtat gubernatorining roziligisiz amalga oshirilgan ilk harbiy joylashtirish hisoblanadi.
Tramp esa Milliy gvardiyaning harakatlarini maqtab, ularning ishtirokisiz shahar katta talafot ko‘rgan bo‘lardi, deb bayonot bergan. U Kaliforniya va Los-Anjeles rahbariyatini befarqlikda ayblab, gubernatorni hibsga olish ehtimolini ham istisno qilmagan.







