Xitoy qariyalar parvarishida robotlardan foydalanmoqchi
Xitoyda texnologik parvarish bo‘yicha pilot dasturi sinovdan o‘tkazilmoqda.

Xitoy hukumati qariyalarni parvarish qilish tizimini zamonaviy texnologiyalar bilan takomillashtirish maqsadida robotlardan foydalanishni nazarda tutuvchi pilot dasturini boshladi. Bu haqda South China Morning Post nashri sanoat va axborotlashtirish vazirligi hamda fuqarolik ma'muriyati vazirligining qo‘shma bayonotiga tayanib xabar berdi.
Dastur texnologiyalar yordamida qariyalarga g‘amxo‘rlikni qanday yengillashtirish, oilalarning vazifalarini kamaytirish, parvarish xodimlari tanqisligini qoplash va infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishni maqsad qilgan. U uch yo‘nalishni qamrab oladi: uy sharoitida, jamiyatlarda va ixtisoslashgan muassasalarda texnologik yordamni tashkil qilish.
Robotlar sog‘ligida cheklovlari bo‘lgan odamlarga kundalik hayotda ko‘maklashish, emotsional qo‘llab-quvvatlash, “aqlli” uy tizimlarini joriy etish va kognitiv muammolarga ega shaxslar bilan ishlashda foydali bo‘lishi kutilmoqda.
Dasturga qiziqish bildirgan kompaniyalar allaqachon robot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Ishtirokchilar kamida 200 ta robotni uy sharoitida yoki 20 ta muassasa va jamoada yechimlar bilan sinovdan o‘tkazishi shart. Shuningdek, ular ushbu yo‘nalishda milliy standartlar va baholash mezonlarini ishlab chiqishda ham ishtirok etadi.
Mazkur tashabbus Xitoyda kuchayib borayotgan demografik bosim fonida boshlanmoqda. 2024-yil oxiriga kelib mamlakatda 60 yoshdan oshganlar soni 300 milliondan oshgan, 2035-yilga borib bu ko‘rsatkich 400 milliondan ortishi mumkin. Ushbu holatga uzoq yillar amal qilingan “bir oila — bir bola” siyosati va umr ko‘rish davomiyligining ortishi sabab bo‘lmoqda.







