Kaliforniya gubernatori amerikaliklarni Trampga qarshi chaqirdi
Newsom: "Demokratiya xavf ostida, Trampga qarshi turing".

Kaliforniya gubernatori Gavin Newsom AQSh fuqarolarini prezident Donald Tramp va uning siyosiy yo‘nalishiga qarshi faol harakat qilishga chaqirdi. Bu chaqiriq Los-Anjeles shahrida o‘tkazilgan ommaviy norozilik namoyishlari chog‘ida yangradi.
Newsom o‘z chiqishida shunday dedi: “Tramp sizning jim bo‘lishingizni xohlaydi. Ammo Kaliforniya bunga rozi emas. Bu kurash faqat biz bilan tugamaydi — boshqa shtatlar ortimizdan ergashadi. Demokratiya ko‘z o‘ngimizda hujum ostida”.
Newsom Trampning siyosatini demokratik tamoyillarga tahdid sifatida baholadi va fuqarolik jamiyatini bu xavfga befarq bo‘lmaslikka da’vat etdi.
Avvalroq, Newsom Trampning Los-Anjelesga harbiy kuch — dengiz piyodalari va milliy gvardiyani yuborish rejasiga qarshi chiqib, uni sudga bergan edi.
“Men Trampning Los-Anjelesda harbiy kuchlarni noqonuniy joylashtirishiga qarshi sudga murojaat qildim. Bu favqulodda ariza orqali sudlar ushbu noqonuniy harakatlarni darhol to‘xtatishi kerak,” — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.
Newsomning bu pozitsiyasi Kaliforniyaning federativ tuzumdagi siyosiy mustaqillik va konstitutsiyaviy huquqlarni himoya qilish borasidagi qat’iy yondashuvini aks ettiradi. Bu holat, Trampning qayta siyosiy faollashuvi fonida, mamlakatda siyosiy qarama-qarshiliklar yana kuchayganini ko‘rsatmoqda.







