Los-Anjeles markazida komendantlik soati joriy etildi
Qaror yuzaga kelgan norozilik namoyishlarini to'xtatishga qaratilgan.

Los-Anjeles shahrida yuzaga kelgan norozilik namoyishlari ortidan shahar markazida komendantlik soati e’lon qilindi. Mer Karen Bassga ko‘ra, vandalizm va talonchilikning oldini olish maqsadida 2,5 kvadrat kilometr hududga kirish 20:00 dan 06:00 gacha yopildi. Bu cheklov mahalliy aholiga, jurnalistlarga, favqulodda xizmatlarga va uy-joysizlarga tatbiq etilmaydi.
Politsiya departamenti komendantlik soatiga qaramay, odamlar to‘planishda davom etayotganini ma’lum qildi va ommaviy hibsga olishlar boshlanishi haqida ogohlantirdi. 9-iyun tongida 23 ta savdo do‘koni talon-taroj qilingan, 500 dan ortiq odam qo‘lga olingan.
AFP xabariga ko‘ra, so‘nggi besh kun ichida Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosatiga qarshi norozilar bir nechta ko‘chalarni egallab olgan. Ayrimlar politsiya bilan to‘qnashgan, mashinalarga o‘t qo‘ygan va do‘kon oynalarini sindirgan.
Mer Bassing aytishicha, zo‘ravonlik lavhalari butun shaharda inqiroz holati yuz berayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda, ammo bu haqiqat emas. U, shuningdek, prezident Donald Trampni ICE reydlarini to‘xtatishga chaqirib, bu masalada bevosita bog‘lanishga harakat qilayotganini bildirdi.







