Telegram serverlari FSBga aloqador tizimlar tomonidan boshqarilmoqda
Bu Telegram’ning maxfiyligi haqida jiddiy savollar tug‘dirmoqda.

“Важные истории” nashri Telegram messenjeri server infratuzilmasi bo‘yicha o‘tkazgan surishtiruvda platforma foydalanayotgan serverlar va infratuzilma Rossiya maxfiy xizmatlariga yaqin shaxslar tomonidan boshqarilayotganini aniqladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Telegram orqali o‘tadigan IP-manzillarning asosiy qismi Global Network Management Inc kompaniyasiga tegishli bo‘lib, uning egasi Vladimir Vedeneev hisoblanadi. 2018-yilgi sud hujjatlariga ko‘ra, u Telegram Corp’ning moliyaviy direktori bo‘lgan.
Telegram 2020-yildan boshlab ushbu kompaniya xizmatlaridan foydalanishni boshlagan. Avval bu IP-manzillar Sankt-Peterburgdagi GlobalNet kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. Keyinchalik GlobalNet va DATAIX tarmoqlari birlashgan va hozirda ular FSB, Ichki ishlar vazirligi hamda Mudofaa vazirligiga xizmat ko‘rsatuvchi yopiq markazlar bilan bog‘liq.
Shuningdek, “Elektrontelekom” kompaniyasi ham Telegram’ga IP-manzillarni taqdim etadi. 2024-yilgacha uning egasi ham Vedeneev bo‘lgan, hozir esa uni uning qarindoshlari boshqaradi. Surishtiruv Telegram’ning maxfiyligi haqida jiddiy savollar tug‘dirmoqda.







