Dunyodagi eng faol vulqonlardan biri uyg‘ondi
Kilauea 100 metr balandlikda lava sochmoqda.

Gavayi orollaridagi eng faol vulqonlardan biri — Kilauea — yana uyg‘ondi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi. Ushbu hodisa 2024-yil dekabridan beri ro‘y berayotgan 25-holati sifatida qayd etildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, lava oqimi taxminan 100 metr balandlikka ko‘tarilmoqda. Mutaxassislar hozircha aholi uchun bevosita xavf yo‘qligini bildirmoqda, biroq jarayon doimiy monitoring ostida saqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kilauea vulqoni Gavayi arxipelagining eng yirik oroli — Katta orolda joylashgan bo‘lib, balandligi 1250 metrga teng. U dunyodagi eng faol vulqonlardan biri sanaladi. Kilaueaning otilishlari ba’zida bir necha kun, ba’zida esa oylar davom etadi. Xususan, 2018-yilda bo‘lgan kuchli otilish 700 dan ortiq uylarning vayron bo‘lishiga olib kelgan edi.







