Janubiy Koreya KXDR bilan chegaradagi targ‘ibot eshittirishlarini to‘xtatdi
Yangi prezident Koreyalararo ishonchni mustahkamlamoqchi.

Janubiy Koreya hukumati Shimoliy Koreya bilan chegaradosh hududlarda ovoz kuchaytirgichlar orqali olib borilayotgan targ‘ibot eshittirishlarini rasman to‘xtatdi. Bu chorani mamlakatning yangi saylangan prezidenti Li Chje Myon Koreyalararo ishonchni mustahkamlash va yarimorolga tinchlik olib kelish maqsadida amalga oshirdi.
Avvalroq, Janubiy Koreya ushbu eshittirishlar orqali Shimoliy Koreya fuqarolariga mo‘ljallangan siyosiy va madaniy mazmundagi xabarlarni uzatib kelgan edi. Bu amaliyot KXDR tomonidan doimiy tanqid ostiga olingan va harbiy taranglikni oshiruvchi omil sifatida baholangan.
Prezident Li Chje Myonning ushbu qarori ikki Koreya o‘rtasidagi aloqalarni yumshatish yo‘lida muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda. Rasmiy Seul hozircha Pxenyanning bu boradagi munosabatini kutmoqda.







