Isroil hujumlarida Eronning 14 nafar olimi halok bo‘ldi
Olimlar avtomobillarga o‘rnatilgan portlovchi qurilmalar orqali o‘ldirilgan.

Isroilning Eron hududida amalga oshirgan havo zarbalari va maxsus operatsiyalari oqibatida kamida 14 nafar eronlik fizik olimi halok bo‘ldi. Ayrim olimlar avtomobillariga o‘rnatilgan portlovchi qurilmalar orqali nishonga olingan.
Eronning rasmiy “Nour News” agentligi halok bo‘lganlar sonini 6 nafar deb ko‘rsatgan. Ular orasida Abdulhamid Minuchehr, Ahmadrizo Zulfiqoriy, Faridun Abbosiy kabi yadro sohasining yetakchi mutaxassislari bor. Ma’lum bo‘lishicha, ular 2020-yilda o‘ldirilgan “Eron yadroviy dasturining asoschisi” Muhsin Faxrizodaning shogirdlari bo‘lgan.
Isroil bu hujumlarni “Isyonkor sher” nomli harbiy operatsiya doirasida amalga oshirgan. Eron esa bunga javoban “Haqiqiy va’da 3” nomli javob operatsiyasini boshlab, Isroilga yuzlab raketalar uchirgan. Mojaro tobora keskin tus olmoqda.







