AQSHda poyezd yuk mashinasini urib yubordi
Poyezd yuk mashinasini bir necha metr orqaga sudrab ketgan.

AQSHning Illinoys shtatida joylashgan LaGrange shahrida yuk poyezdi yarim tirkamali yuk mashinasiga borib urildi. Hodisa 13 iyun kuni soat 14:00 atrofida La Grange Road temiryo‘l kesishmasida yuz berdi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, halokat vaqtida mashina temiryo‘l kesishmasida to‘xtab turgan bo‘lgan.
Zarbadan so‘ng yuk mashinasi poyezd tomonidan bir necha metr orqaga sudrab ketilgan. Baxtli tasodif tufayli voqeada qurbonlar qayd etilmadi. Biroq hodisa ortidan barcha transport harakati to‘xtatilib, aholidan boshqa yo‘llardan foydalanish so‘ralgan.
Metra BNSF temiryo‘l liniyasida qatnov vaqtincha to‘xtatildi. Fairview Avenue va Berwyn oralig‘ida barcha yo‘lovchi poyezdlari to‘xtab qoldi. Tozalash ishlaridan so‘ng, soat 18:30 da ikki yo‘l ochilib, qatnov qayta tiklandi. Shunga qaramay, ayrim poyezdlar hali ham kechikishlar bilan harakatlanmoqda.
Metra rasmiylari yo‘lovchilarga Union Pacific West liniyasidan muqobil yo‘l sifatida foydalanishni tavsiya qilmoqda. Voqea yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.







