Isroil Eron Qurolli Kuchlar rahbarini o‘ldirdi
U lavozimga atigi bir necha kun oldin tayinlangan edi.

Isroil harbiylariga ko‘ra, Eron Qurolli Kuchlar Bosh shtabining yangi rahbari general Ali Shadmoni Tehronda amalga oshirilgan aniqlashtirilgan zarba natijasida halok bo‘lgan. U lavozimga atigi bir necha kun oldin, avvalgi rahbar Muhammad Bogeriy noma’lum hujumda halok bo‘lganidan keyin tayinlangan edi.
Ali Shadmoni uzoq yillar davomida Eronning harbiy tuzilmalari, jumladan, “Islomiy inqilob posbonlari korpusi” bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritgan. U Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning harbiy masalalar bo‘yicha eng ishonchli maslahatchilaridan biri bo‘lgan.
Zarba Isroil maxsus kuchlari va razvedka xizmatlari tomonidan rejalashtirilgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Isroil tomoni ushbu operatsiyani Eronning mintaqadagi harbiy faolligiga va Livan hamda Suriya orqali qurol yetkazib berishga qarshi chora sifatida baholamoqda.
Eron hukumati voqeani hali rasman tasdiqlamagan bo‘lsa-da, Tehrondagi xavfsizlik darajasi oshirilgan, harbiy obyektlar atrofida kuchaytirilgan nazorat o‘rnatilgan. Bu holat ikki davlat o‘rtasidagi allaqachon keskin bo‘lgan ziddiyatlarning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin.







