Jahon

Mo‘g‘ulistonda iqlim va chorva inqirozi kuchaymoqda

Mamlakat hududining 77 foizi yemirilmoqda.

Mo‘g‘ulistonda iqlim va chorva inqirozi kuchaymoqda

 

Mo‘g‘ulistonda iqlim o‘zgarishi va chorva sonining haddan tashqari ortishi tufayli mamlakat hududining 77 foizida yerlarning degradatsiyasi — ya'ni tuproqning yaroqsiz holga kelishi yuz bermoqda. Bu haqda Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan ochiq muloqotda Mo‘g‘uliston Fanlar akademiyasi Geografiya va geoekologiya instituti direktori Avirmediyon Dashtseren ma’lum qildi.

 

Mutaxassisning aytishicha, so‘nggi 60 yil davomida mamlakatda harorat ko‘tarilishi global o‘rtacha ko‘rsatkichdan uch baravar yuqori bo‘lgan. Bu esa yog‘ingarchilik shakllarining o‘zgarishi, suv manbalarining kamayishi va qurg‘oqchilik kuchayishiga olib kelgan.

 

Ekologik inqirozga olib kelayotgan yana bir muhim omil — chorva sonining keskin ko‘payishidir. Dashtserenning fikricha, sotsializm davriga nisbatan bugungi kunda chorva mollari soni qariyb uch barobar oshgan. Haddan tashqari yaylovlardan foydalanish esa mo‘rt dasht ekotizimlarini yemirib, tuproq eroziyasi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda.

 

Bunga qo‘shimcha ravishda yo‘l qurilishi va foydali qazilmalar konlarini faol o‘zlashtirish ham ekologik muvozanatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ko‘mir, oltin, mis, uran va kumush kabi boyliklarni eksport qilish davlat byudjetining asosiy qismini tashkil etsa-da, bu model uzoq muddatli barqarorlik uchun jiddiy xavf solmoqda.

 

Mo‘g‘uliston an’anaviy ko‘chmanchi chorvachilikni saqlab qolgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri bo‘lib, bu soha yalpi ichki mahsulotning 11,6 foizini ta’minlaydi. Biroq hozirgi iqtisodiy modelning ekologik narxi tobora oshib bormoqda — cho‘llanish, qurg‘oqchilik va tabiat resurslarining kamayishi mamlakatni ekologik halokat yoqasiga olib kelmoqda.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"