AQSH Isroildagi elchixonasini vaqtincha yopdi
Mamlakatdagi barcha konsulliklar faoliyati ham vaqtincha to‘xtatiladi.

AQSHning Isroildagi elchixonasi 20 iyungacha vaqtincha yopiladi. Bu haqda elchixona rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.
Bayonotda aytilishicha, AQSHning Tel-Avivdagi elchixonasi hamda mamlakatdagi barcha konsulliklar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Shuningdek, elchixona xodimlari va ularning oila a’zolari hozircha Isroilda qoladi, ularga xavfsizlik nuqtayi nazaridan boshpana yaqinida bo‘lish qat’iy tavsiya etilgan.
Ushbu qaror Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik fonida qabul qilingan. Mintaqada xavfsizlik vaziyati yomonlashgani sababli ehtiyot chorasi sifatida AQSH diplomatik missiyalarining faoliyati cheklanmoqda.
Rasmiylar elchixona ishining qayta tiklanishi xavfsizlik holatiga bog‘liq bo‘lishini bildirgan. Diplomatik vakolatxona fuqarolarga zarurat bo‘lmaganda harakatlanmaslikni va elchixona saytini yangilanishlar uchun kuzatib borishni tavsiya qilgan.







