Italiya Eron bo‘yicha qattiq bayonot bilan chiqdi
Giorgia Meloni: “Eron rahbariyatini xalq ag'darishi kerak”.

Italiya bosh vaziri Giorgia Meloni G7 sammitidan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Eronning hozirgi rahbariyatini xalq ag'darishi kerak degan fikrni bildirdi.
“Men har doim eng yaxshi ssenariy bu — Eron xalqi o‘z hukmron tuzumini ag'darishi, deb hisoblab kelganman. Bu holda, biz mavjud sharoitlardan kelib chiqib, real ssenariylar doirasida harakat qilishimiz kerak bo‘ladi. Asosiy maqsad — Eronning yadroviy davlatga aylanishining oldini olish”, — dedi Meloni.
Bosh vaziraning so‘zlariga ko‘ra, Eron yadroviy qurolga ega bo‘lishi nafaqat Isroilga, balki xalqaro xavfsizlikka tahdid soladi. U global hamjamiyatni Eronning yadroviy ambitsiyalariga qarshi birlashishga chaqirdi.
“Biz keskinlashuv tomon ketmoqdamiz. Tahdid haqiqatdir. Uni bartaraf etish zarur. Hamma muzokaralar yo‘li orqali bu muammoni hal qilish mumkinligiga ishonadi, lekin hozircha bu urinishlar samara bermayapti”, — dedi Meloni.
U shuningdek, yana bir imkoniyat mavjudligini bildirdi: “Eron bilan muzokaralar olib borish va uni yadroviy maqomdan voz kechishga undash umumiy manfaatimizdir”.







