Braziliyada havo shari qulab tushdi
Fojia oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan.

Braziliyaning Santa-Katarina shtatida joylashgan Praia Grande shahri osmonida mudhish fojia yuz berdi. Sayohatchilarni olib uchgan issiq havo shari parvoz chog‘ida birdan yong‘in olib, yerga quladi. Voqea natijasida hozircha 8 kishining hayotdan ko‘z yumgani tasdiqlangan.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, havo sharida jami 22 kishi bo‘lgan. Yong‘in havoda sodir bo‘lgach, sharda bo‘lgan yo‘lovchilarni qutqarish uchun darhol favqulodda xizmatlar safarbar qilingan.
Santa-Katarina shtati gubernatori Jorginyo Mello hodisa yuzasidan ijtimoiy tarmoq orqali bayonot berib, ikki kishi omon qolgani, qolgan yo‘lovchilar bo‘yicha qidiruv ishlari davom etayotganini bildirdi.
Qutqaruvchilar hodisa joyida ish olib bormoqda, voqea sabablari va tafsilotlari hozircha aniqlashtirilmoqda.







