AQShning Eronga hujumi global iqtisodiy xavf tug‘dirmoqda
Xalqaro valyuta jamg‘armasi urush iqtisodiy oqibatlaridan ogohlantirdi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgieva AQShning Erondagi yadroviy inshootlarga bergan zarbalari global iqtisodiyot uchun yangi xavf manbai bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u Bloomberg agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Biz ushbu voqealarni global beqarorlik sharoitida noaniqlikni kuchaytiruvchi omil sifatida ko‘ramiz”, — dedi Georgieva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa energiya narxlarida keskin o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, ushbu harbiy harakatlarning ikkinchi va uchinchi darajadagi iqtisodiy oqibatlari ham yuzaga kelishi mumkin. Biroq, Georgieva bu oqibatlar nimalardan iborat bo‘lishi mumkinligini aniqlik bilan ochiqlamadi.
Ma’lumot uchun, 22-iyunga o‘tar kechasi AQSh harbiy-havo kuchlari Eronning Fordo, Natanz va Isfahondagi yirik yadroviy inshootlariga havo hujumlarini amalga oshirdi. Prezident Donald Tramp bu operatsiyani “muvaffaqiyatli” deb e’lon qildi, biroq Tehron bu bayonotlarni inkor etib, ob’yektlar faqat qisman zarar ko‘rganini ma’lum qildi.







