Eron yadroviy inshootlarida vayronagarchiliklar aniqlangan
Eron inshootlarida portlash oqibatlari jiddiy bo‘lishi mumkin.

Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) Eronning Fordo, Natanz va Isfahondagi yadroviy obyektlariga AQSh tomonidan uyushtirilgan havo hujumlaridan so‘ng jiddiy shikastlar qayd etilganini ma’lum qildi. Agentlik bosh direktori Rafael Grossi bu haqda IAEA Boshqaruv kengashining favqulodda yig‘ilishida bayonot berdi.
Grossining so‘zlariga ko‘ra, Fordodagi uran boyitish markazida yer sathida o‘q-dorilar tushgan chuqurliklar — voronkalar — aniq ko‘zga tashlanmoqda. Bu esa AQShning havo zarbalari haqidagi bayonotlariga mos tushadi.
“Ammo hozircha yer osti infratuzilmasiga yetkazilgan aniq zararni baholashning imkoni yo‘q”, — dedi Grossi.
Uning ta’kidlashicha, Fordodagi santrifujlar portlashlarga juda sezgir, va portlash kuchi yadro inshootlariga “juda katta zarar yetkazgan bo‘lishi” ehtimolini kuchaytiradi. Shunga qaramay, Eron rasmiylari IAEAga bergan ma’lumotga ko‘ra, perimetrdan tashqarida radiatsiya sathining oshishi qayd etilmagan.
Bosh direktor, shuningdek, Natanz va Isfahondagi inshootlarda ham vayronagarchiliklar aniqlanganini tasdiqladi.
Isfahonda uranni qayta ishlash bilan bog‘liq binolar, shuningdek boyitilgan yoqilg‘ini saqlash uchun ishlatilgan yer osti tunnellar zararlangan. Natanzdagi uranni boyitish markazi ham nishonga olingan.
IAEA Erondagi vaziyatni kuzatishda davom etmoqda va Tehronni har qanday hodisa yoki favqulodda vaziyatlar yuzasidan agentlik markaziy apparatini tezkor xabardor qilishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, Isroil 13-iyunga o‘tar kechasi Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlagan edi. Bir kundan kam fursatda Eron ham javob hujumini uyushtirdi. AQSh esa bu mojaroga 22-iyunga o‘tar kechasi kirib, Eronning uchta asosiy yadroviy obyektiga — Fordo, Natanz va Isfahonga zarba berdi. Mojaro davom etmoqda, tomonlar yo‘qotishlar haqida ma’lumot bermoqda.







