Nyu-Yorkda urushga qarshi norozilik namoyishlari avj oldi
Minglab amerikaliklar Eronga qarshi hujumlarga e'tiroz bildirmoqda.

AQShning Eron yadroviy inshootlariga uyushtirgan havo hujumidan so‘ng, Nyu-York shahrida minglab odamlar urushga qarshi norozilik namoyishlariga chiqdi. Fuqarolik jamiyati vakillari Yaqin Sharqda keskinlik kuchayayotganidan xavotir bildirmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, norozilik harakatlarining epitsentri Manxettenning markaziy qismi — Tayms maydonida joylashgan. Ushbu maydon AQSh madaniyatining timsoli sifatida keng tanilgan. Namoyishlar nafaqat Nyu-Yorkda, balki AQShning boshqa ko‘plab yirik shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi. Ular prezident Donald Tramp ma’muriyatining tashqi siyosatidan norozilik sifatida o‘tkazilgan.
Telekanallar tarqatgan kadrlarda yuzlab namoyishchilar "Eron urushini to‘xtating" va "Tramp — urush jinoyatchisi" kabi shiorlar yozilgan plakatlar bilan ko‘rinadi. Namoyishchilarning aksariyati keng ko‘lamli harbiy mojaroga olib keluvchi ehtimoliy oqibatlardan xavotirda.
Eslatib o‘tamiz, 22-iyunga o‘tar kechasi AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning Fordo, Natanz va Isfahondagi uchta yadro obyektiga qarshi harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qilgan edi. AQSh havo kuchlari B-2 Spirit bombardimonchilari orqali yer ostida joylashgan Fordo uranni boyitish markaziga maxsus bunkerga qarshi bombalar bilan zarba berdi. Shu bilan birga, Amerika suvosti kemalaridan Isfahon va Natanzdagi obyektlarga Tomahawk qanotli raketalari otildi.
Tramp operatsiyani “to‘liq muvaffaqiyat” deb atab, asosiy yadro inshootlari “butunlay yo‘q qilindi” deya da’vo qildi. Biroq, Eron rasmiiylari bu bayonotni inkor etib, Fordodagi zavod faqat qisman zarar ko‘rganini va faoliyatini davom ettirayotganini ma’lum qildi.







