Vengriya va Slovakiya Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qarshi chiqdi
Budapesht va Bratislava YeIning Rossiyaga qarshi 18-sanksiya paketini qabul qilmadi.

Vengriya va Slovakiya Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi navbatdagi — 18-sanksiya paketini qabul qilishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar vaziri Piter Siyarto Bryusselda bo‘lib o‘tgan TIV rahbarlari uchrashuvida bayonot berdi.
Ma'lum qilinishicha, Siyartoning so‘zlariga ko‘ra, agar bu sanksiyalar to‘plami qabul qilinganida, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, jumladan Vengriya va Slovakiya, Rossiyadan tabiiy gaz va arzon xom neft xarid qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lardi.
“Biz Slovakiya bilan birgalikda 18-sanksiya paketining qabul qilinishini to‘xtatdik. Bu mamlakatlarimiz iqtisodiy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi”, — dedi Siyarto venger jurnalistlari bilan suhbatda.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan qator sanksiyalarni 2022-yilda Ukrainadagi mojaro boshlanganidan so‘ng joriy etgan. Har bir yangi paket ko‘proq cheklovlarni o‘z ichiga olmoqda, ammo ayrim a’zolar energetik xavfsizlik nuqtayi nazaridan sanksiyalarni tanqid ostiga olishmoqda.







