Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi sanksiyalar joriy etishga tayyor
Eron yadroviy dasturini cheklamasa, sanksiyalar qayta tiklanadi.

Yevropa Ittifoqi Eronning yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha oldingi kelishuvlariga amal qilmaslik xavfi ortib borayotgan bir paytda, unga nisbatan sanksiyalarni qayta tiklashga ruxsat berdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ma’lum qildi.
Kallas Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi arafasida shunday dedi: “Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha majburiyatlari mavjud. Agar bu boradagi vaziyat yaxshilanmasa, sanksiyalarni yana joriy qilish imkonini beruvchi mexanizm mavjud”.
Uning ta’kidlashicha, Eron iqtisodiyoti hozirda og‘ir ahvolda, bu esa mamlakat fuqarolari uchun yanada salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Shu sababli Yevropa Ittifoqi Tehronni yadroviy faoliyatni qayta boshlamaslikka undash maqsadida diplomatik va iqtisodiy bosimni davom ettirmoqda.
YeI sanksiyalari dastlab 2015-yildagi Yadro kelishuvi (JCPOA) doirasida yengillashtirilgan edi. Biroq, so‘nggi yillarda Eronning bu kelishuvga zid harakatlari xalqaro hamjamiyatda xavotir uyg‘otmoqda. Shunday ekan, Yevropa diplomatiyasi hozirda murosa va bosim o‘rtasida muvozanat izlamoqda.







