Bolasi maktabga bormagan migrant oilalarni Rossiya deportatsiya qilmoqchi
Davlat dumasi deputati maktabga muntazam qatnamaydigan migrant bolalar va ularning ota-onalariga nisbatan qat'iy choralar ko‘rishni taklif qildi.

Rossiya Davlat dumasi deputati Sardana Avksentyeva maktabga muntazam qatnamaydigan migrant bolalar va ularning ota-onalariga nisbatan qat'iy choralar ko‘rishni taklif qildi. Deputat bu boradagi tashabbusini Ichki ishlar vazirligiga taqdim etgan.
Avksentyevaning ta’kidlashicha, Rossiyaning yirik shaharlarida migrant bolalarning maktab ta’limidan chetda qolishi jiddiy muammoga aylangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud statistikaga binoan, chet ellik oilalar farzandlarining qariyb 50 foizi ta’lim tizimidan tashqarida qolmoqda.
“Moskvada 80 mingdan ortiq migrant bola bor. Shundan atigi 25 ming nafari maktablarda o‘qiydi. Bu esa tizimli muammo mavjudligini ochiq ko‘rsatadi”, — deyiladi deputatning rasmiy murojaatida.
Ushbu vaziyat Rossiya jamiyatiga integratsiya jarayonlarini murakkablashtirayotgani, yopiq etnik guruhlarning shakllanishi va noqonuniy faoliyat xavfini oshirayotgani ta’kidlandi.
Tashabbusga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan migrant bolalar rus maktablariga majburiy ravishda qatnashi kerak bo‘ladi. Agar bu talab doimiy ravishda buzilsa, faqat bolani emas, balki uning ota-onasini ham mamlakatdan chiqarib yuborish taklif etilmoqda.







