Qirg‘izistonda hokim va yana ikki mansabdor majlis vaqtida hibsga olindi
Hokim va quruvchilar ustidan jiddiy tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Qirg‘izistonning Tokmok shahri hokimi Maqsad Nusuvaliev hokimlik yig‘ilishi davomida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (GKNB) rahbari Qamchibek Toshiyevning buyrug‘i asosida hibsga olindi. Bu haqda “24.kg” nashri xabar bermoqda.
Shuningdek, “UMS” kompaniyasi rahbari hamda “Al-Kadr” qurilish firmasining direktori ham qo‘lga olingan. Hozircha ularga nisbatan rasmiy ayblov e’lon qilinmagan.
Norasmiy manbalarga ko‘ra, hibsga olish holati Tokmokdagi ayrim mikrohududlarda markaziy hokimiyat roziligisiz sport maktabi va istirohat bog‘i qurilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Maqsad Nusuvaliev 2023-yil mart oyida Tokmok shahri hokimi etib tayinlangan edi. U bungacha davlat tuzilmalarida faoliyat yuritgan va texnokrat rahbar sifatida tanilgan. Ammo u ko‘proq jamoatchilik e’tiborini mojaroli bayonotlari bilan tortib kelgan.





