Bortida minglab mashina bo‘lgan kema Tinch okeaniga cho‘kib ketdi
Mashinalar Xitoyning mashhur avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalariga tegishli bo‘lgan.

Tinch okeanida Morning Midas nomli yuk kemasi, bortida minglab avtomobillar bilan birga, butunlay cho‘kib ketdi. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi.
Kemada taxminan 3 mingta avtomobil, jumladan 800 ta elektromobil bo‘lgan. Yuk mashinalari Xitoyning mashhur avtomobil ishlab chiqaruvchilari — Chery Automobile va Great Wall Motor kompaniyalariga tegishli bo‘lib, Meksikaga yetkazilishi kerak edi.
Morning Midas kemasida yong‘in iyun oyining boshida boshlangan. Yong‘in oqibatida kuchli shikastlangan kema ochiq dengizda, qirg‘oqdan taxminan 579 kilometr uzoqlikda tashlab ketilgan. Kemani boshqaruvchi Zodiac Maritime kompaniyasining bayonotiga ko‘ra, ob-havoning yomonlashuvi va yong‘in oqibatidagi shikastlar natijasida kema 23-iyun kuni cho‘kib ketgan.
Yordamga yuborilgan uchta maxsus kemaning ikkinchisi hodisa joyiga faqat 15-iyun kuni, yong‘in boshlanganidan bir haftadan ortiq vaqt o‘tib yetib borgan.
Bu hodisa atrof-muhit mutaxassislarini xavotirga solmoqda. Chunki bortdagi elektromobillar, akkumulyatorlar va boshqa zararli moddalar suvga tushgan bo‘lishi mumkin.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, yaqinda Myanma sohillari yaqinida ham og‘ir kemalarning cho‘kishi holatlari qayd etilgan edi. Unda 400 dan ortiq rohinja musulmonlari hayotdan ko‘z yumdi. Ular Bangladeshdagi Cox’s Bazar qochqinlar lagerlari yoki Myanmadagi Raxayn shtatidan qochayotgan bo‘lgan.







