NATO davlatlari mudofaa xarajatlarini 5 foizga oshiradi
Qaror Trampning bosimi bilan qabul qilindi.

2025-yil 25-iyun kuni Niderlandiyada bo‘lib o‘tgan NATO sammitida alyansga a’zo davlatlar 2035-yilgacha mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 5 foizigacha oshirishga kelishib oldi. Bu qaror ko‘p yillardan beri AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan bildirilgan bosim ortidan qabul qilindi. Bu haqda Forbes xabar berdi.
Sammitda Rossiya Yevropa xavfsizligiga uzoq muddatli tahdid sifatida tilga olindi. NATO a’zolari esa harbiy tayyorgarlikni kuchaytirish va kollektiv mudofaani mustahkamlash zarurligini ta’kidladilar.
Biroq, bu qaror hamma davlatlar tomonidan birdek qabul qilinmagan. Masalan, Ispaniya darhol bayonot berib, barcha a’zolar bu rejaga qo'shilishga majbur emasligini ma’lum qildi.
“Men yillar davomida ulardan bu miqdorni oshirishni so‘rab kelganman. Endi ko‘pchiligi rozi bo‘ldi,” dedi Tramp jurnalistlarga. “Oldin 2 foiz deyilgan edi, lekin hatto shuni ham ko‘pchilik bajarmagan.”
NATO rasmiy bayonotida a’zolar hozirgi murakkab va xavfli vaziyatda bir yoqadan bosh chiqarib, mudofaa imkoniyatlarini mustahkamlashga va harbiy tayyorgarlikni oshirishga tayyor ekani bildirildi. Bu qaror nafaqat xavfsizlikni mustahkamlashi, balki yangi ish o‘rinlarini yaratishi ham mumkinligi aytildi.







