Daniya fuqarolarning tashqi ko‘rinishi va ovozini mualliflik huquqi sifatida tan olishga kirishmoqda
Ushbu qonunni 2025-yil kuzida rasmiy tartibda taqdim etish rejalashtirilgan.

Daniya sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta materiallar — ya’ni chuqur soxtalashtirish (deepfake) tahdidlariga qarshi ilg‘or huquqiy mexanizm joriy qilishga qaror qildi. Mamlakat hukumati dunyoda birinchi bo‘lib har bir fuqaroning yuz qiyofasi, ovozi va xatti-harakatlarini shaxsiy intellektual mulk sifatida tan olishni taklif qilmoqda.
The Guardian nashriga tayanib oxu.azning yozishicha, agar insonning raqamli nusxasi — ya’ni yuz tuzilishi, ovoz tembri yoki xatti-harakatlari — sun’iy neyron tarmoqlar yordamida qayta tiklanib, ularning roziligisiz internetda tarqatilgan bo‘lsa, ushbu material egasi uni darhol olib tashlashi shart bo‘ladi. Bunday holatda jabrlanuvchiga kompensatsiya to‘lanishi ham nazarda tutilgan.
Ta’kidlash joiz, yangi qonun hazil va parodiya shaklidagi kontentlarga tatbiq etilmaydi. Qonun loyihasi Daniya parlamenti tomonidan deyarli bir ovozdan ma’qullandi va uni 2025-yil kuzida rasmiy tartibda taqdim etish rejalashtirilgan.
Daniya hukumati internet platformalarini bu borada ogohlantirgan: yangi tartib-qoidalarni e’tiborsiz qoldirish jiddiy javobgarlikka olib keladi. Qoidabuzarliklarga katta miqdorda jarimalar belgilanishi mumkin. Agar bunday holatlar davom etsa, masala Yevropa komissiyasi darajasiga olib chiqiladi.
Kopengagen ushbu tashabbus Yevropaning boshqa davlatlari uchun ham huquqiy namuna bo‘lishiga umid bildirmoqda.







