Tramp CNN xabarini inkor etdi: “Bu soxta yangiliklar”
AQSH prezidenti Eronga 30 milliard dollar berish haqidagi xabarlarga javob berdi.

Donald Tramp ommaviy axborot vositalarida tarqalgan “Eronga 30 milliard dollar ajratilishi” haqidagi xabarlarni qat’iyan rad etdi. U bu haqda o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bayonot berdi deb yozadi oxu.az nashri.
“Soxta yangiliklar yana ishda. Ular go‘yoki men Eronga harbiy bo‘lmagan yadroviy inshootlar qurilishi uchun 30 milliard dollar bermoqchiman, deb da’vo qilmoqda. Bu bema’nilik. Men bu g‘oya haqida hech qachon eshitmaganman. Bu — yana bir yolg‘on, yana bir obro‘sizlantirish harakati. Bu odamlar jiddiy muammoga ega!” — deb yozdi Tramp.
Uning bu bayonoti CNN tomonidan tarqatilgan xabarlarga javob bo‘ldi. Kanalning xabar berishicha, AQSh ma’muriyati Eron bilan muzokaralarga qaytish doirasida Tehronning uranni boyitish faoliyatidan voz kechishiga evaz sifatida harbiy bo‘lmagan yadroviy dasturni rivojlantirish uchun 30 milliard dollargacha mablag‘ olish imkoniyati muhokama qilinmoqda.
Manbalarga ko‘ra, bu mablag‘lar AQSh tomonidan emas, balki Fors ko‘rfazi davlatlari tomonidan taqdim etilishi mumkin. AQSh, o‘z navbatida, muzokaralarga vositachi sifatida rahbarlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Shuningdek, boshqa takliflar ham muhokama qilinmoqda. Jumladan, Eronning xorijdagi 6 milliard dollarlik muzlatilgan aktivlariga kirishiga ruxsat berish, ayrim sanksiyalarni yumshatish va uranni boyitish imkoniyatisiz yangi yadroviy infratuzilma yaratish takliflari ham kun tartibida.
Ma’lumot uchun, bu muzokaralar Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir vaqtda, yaqin Sharqdagi strategik barqarorlikni saqlab qolish maqsadida olib borilmoqda.







