Turkiyani yong‘inlar to‘lqini qamrab oldi
Yong‘inlar sabab Turkiyada evakuatsiya va havo kuchlari safarbar qilindi.

Turkiyaning bir nechta viloyatlarida, jumladan kurort va qishloq hududlarida o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda. Bu haqda “İhlas” axborot agentligi (İHA) xabar berdi.
Eng jiddiy yong‘inlardan biri Bursa viloyatining Usmong‘ozi tumanida qayd etildi. Kuchli shamol natijasida o‘rmonlardagi alangalar yashash hududlariga tarqaldi, natijada ayrim uylar jiddiy zarar ko‘rdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha jarohat olganlar qayd etilmagan.
Favqulodda holatga tezkor munosabat bildirilib, yong‘inni bartaraf etish ishlariga o‘t o‘chiruvchilar, jandarmiya kuchlari, AFAD (Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi), o‘rmon xo‘jaligi xodimlari, shuningdek, ko‘ngillilar jalb etilgan. Operatsiyada vertolyotlar va samolyotlar ham faol qatnashmoqda.
Antaliya viloyatida ham ikki alohida nuqtada yong‘inlar yuzaga kelgan. Aksu tumanida daladagi ekinlar yong‘inga uchragan, biroq yong‘in issiqxonalar va turar joylarga yetib bormasdan tezda nazoratga olingan. Alanya tumanida yong‘inlar bilan kurash davom etmoqda – bu yerda ham havodan va quruqlikdan maxsus texnika safarbar etilgan.
Aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida yong‘inga yaqin joylardagi ayrim binolardan odamlar vaqtinchalik evakuatsiya qilindi. Tergov organlari yong‘in sabablari yuzasidan surishtiruv olib bormoqda.







