Eron 9 ta yadroviy bomba yasashga yetadigan uran zaxirasiga ega
Bu haqda Xalqaro atom energiyasi agentligi maʼlumot bergan.

Reuters xabariga ko‘ra, Eron 9 ta yadroviy bomba yasash uchun yetarli miqdorda yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasiga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda agentlik G‘arb rasmiylari va Xalqaro atom energiyasi agentligiga (MAGATE) tayanib yozmoqda.
2025 yilgi harbiy to‘qnashuvlar oldidan Eron 400 kg dan ortiq 60 foizli boyitilgan uran saqlagan. Bu miqdor 90 foizlik — qurol darajasidagi — boyitish bosqichiga juda yaqin va potensial ravishda 9 ta bomba tayyorlashga imkon beradi.
Manbalar Tehron bu uranni AQSH yoki Isroil hujumidan oldin boshqa joyga ko‘chirgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti. Ammo bu borada aniq maʼlumot yo‘q, bu esa Eron va G‘arb o‘rtasida “mushuk-sichqon” o‘yinini boshlashiga sabab bo‘lmoqda.
MAGATE va xalqaro kuzatuvchilarning fikricha, Eronning bu boradagi ochiqligi katta ahamiyatga ega. Aks holda, boyitilgan uranning taqdiri nomaʼlumligicha qoladi.







