2026 yilgi NATO sammiti Turkiyada bo‘lib o‘tadi
Mazkur qaror NATOning Gaaga shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida qabul qilingan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning ma’lum qilishicha, 2026 yilda NATO davlatlari va hukumat rahbarlarining navbatdagi sammiti Turkiya poytaxti Anqarada o‘tkaziladi.
Mazkur qaror NATOning Gaaga shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida qabul qilingan bo‘lib, bu haqida Erdo‘g‘on Anqarada bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi yakunida ommaga e’lon qildi.
— “Turkiya 2026 yil iyul oyida NATO sammitiga mezbonlik qiladi. Alyans yetakchilarini poytaxtimiz Anqarada kutib olamiz. Sammitda xavfsizlik bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinadi,” — dedi Turkiya rahbari.
2026 yilgi NATO sammiti butun dunyo siyosiy kun tartibida muhim voqea sifatida e’tirof etilmoqda. Tadbir davomida quyidagi masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda:
NATOning Ukraina va Gruziya bilan bo‘lgan strategik aloqalari,
A’zo davlatlarning mudofaa xarajatlarini oshirish bo‘yicha majburiyatlari,
NATOning Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi faoliyati,
Kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalarning harbiy sohadagi roli.
1952 yildan buyon NATO a’zosi hisoblangan Turkiya, alyansdagi eng katta armiyalardan biriga ega. Mamlakat strategik joylashuvi bilan NATOning janubiy qanotida muhim harbiy va geosiyosiy pozitsiyani egallaydi. Jumladan, Turkiya hududida joylashgan Injirlik aviabazasi NATOning muhim harbiy infratuzilmalaridan biri hisoblanadi.
Anqarada o‘tadigan NATO sammiti nafaqat Turkiya, balki butun alyans uchun strategik ahamiyatga ega bo‘ladi. U xalqaro xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim qarorlarni qabul qilish uchun zamin yaratadi.







