Fransiya qamoqxonalarida kemiruvchilar va tarakanlar ko‘paymoqda
BMT bu borada Fransiya hukumatidan zudlik bilan choralar ko‘rishni talab qilmoqda.

Fransiyada qamoqxonalarning haddan tashqari to‘lib ketgani va og‘ir gigiyenik sharoitlar xalqaro darajada tanqid ostida qoldi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari idorasi huzuridagi Qiynoqlarga qarshi qo‘mita a’zosi Abdurazzoq Ruwan bu holatni jiddiy xavf deb atadi.
Uning ta’kidlashicha, Fransiyada 61 ming mahbus uchun mo‘ljallangan joyga 79 mingdan ortiq mahkum joylashtirilgan. Bu ortiqcha yuklama natijasida qamoqxonalar sharoiti keskin yomonlashgan, ayniqsa kemiruvchilar va tarakanlar soni ko‘payib ketgani qayd etilgan.
Qo‘mita Fransiyadagi axloq tuzatish muassasalarini Qiynoqlarga qarshi konvensiya qoidalariga muvofiq o‘rganib chiqqan. Natijalariga ko‘ra, gigiyenik talablar buzilayotgani, sanitariya sharoitlari yomonligi va xodimlar yetishmasligi aniqlangan.
BMT bu borada Fransiya hukumatidan zudlik bilan choralar ko‘rishni va qamoqxonalardagi insoniy yashash sharoitlarini ta’minlashni talab qilmoqda.







