Daniya 18 yoshli qizlarni harbiy xizmatga chaqiradi
Rossiya tahdidi fonida Daniya armiyasida ayollarga teng ishtirok etish imkoniyati yaratilmoqda.

Rossiyaning Ukrainadagi bosqini fonida xavfsizlik choralari kuchaytirilayotgan bir paytda Daniya ilk bor ayollarni ham majburiy harbiy xizmatga jalb qilmoqda. Bu haqda mamlakat parlamenti iyun oyida qabul qilgan yangi qonunga muvofiq, 18 yoshga to‘lgan ayollar erkaklar bilan bir qatorda harbiy xizmatga jalb etilishi mumkin bo‘ladi.
Poytaxt Kopengagendan shimolda joylashgan Hoveltedagi harbiy mashg‘ulotlar maydonida 20 yoshli Katrine yuziga kamuflyaj bo‘yoqlarini surtgan holda, hushyorlik bilan o‘rmonzorni kuzatmoqda. U va boshqa ayol ko‘ngillilar, shu yil boshida xizmatga yozilgan. Avvallari ayollar faqat ko‘ngilli asosida xizmat qilishi mumkin edi, ammo endilikda ular majburiy chaqiruvda ham ishtirok etadi.
“Bugungi xavfli vaziyatda bu kerak. Menimcha, ayollar erkaklar bilan teng qatnashishi adolatli va to‘g‘ri qaror,” deydi Katrine. Yangi tartibga ko‘ra, barcha 18 yoshga to‘lgan ayollar lotereya asosida chaqiruvga tushadi. Xizmat muddati esa 4 oydan 11 oygacha uzaytiriladi.
Yillik harbiy xizmatga chaqiriluvchilar sonini 2033 yilga borib 6 500 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Mutaxassislar harbiy qurilish va uskunalar yetishmasligi kabi muammolar borligini ta’kidlasa-da, Daniya hukumati bu qaror bilan milliy mudofaani mustahkamlashni maqsad qilgan.







